User Switching

WordPress bilan ishlaydigan dasturchilarga turli hil plagin yoki shablonlarni, ba’zi bir funksiyalarni bir nechta rollarda sinab ko‘rish uchun bir foydalanuvchidan ikkinchisiga muntazam ravishda almashishga to‘g’ri keladi. Ushbu yozuvda taklif etilayotgan plagin aynan mana shu uqubatdan bizni xalos etishda yordam beradi. Birgina harakat natijasida bir foydalanuvchidan boshqasiga o‘tish imkonini beruvchi plaginning nomi “User Switching“.

Xavfsiz tarafi shundaki, faqatgina sayt Administratori ushbu funksiyadan foydalana oladi. Oddiy foydalanuvchilarga ham bunday imkonni berish mumkin, lekin xavfsizlik qoidasiga rioya etgan holda faqatgina shunday imkoniyat berilgan foydalanuvchigina boshqa foydalanuvchi profiliga almashishi mumkin. Foydalanuvchi almashganida uning paroli ko‘rsatilmaydi.

Xullas, bir foydalanuvchidan ikkinchisiga almashish jonga tekkan bo‘lsa, ushbu plagindan foydalanib ko‘ring va o‘z fikringizni qoldiring.

Android uchun WordPress 2.0

WordPress blog platformasining Android operatsion tizimda ishlovchi mobil qurilmalar uchun yangi 2.0 versiyasi e’lon qilindi. Yangi versiya bilan birgalikda Android versiyasining sayti ham yangi ko‘rinishga ega bo‘ldi.

Demak, yangi versiyadagi muhim o‘zgarishlardan:

  • Yangi UI: boshqaruv sahifasi va paneli
  • Yangi yozuv tahrirchisi
  • “Tabletka”lar bilan o‘rtoq
  • Statistika grafiklaridagi yangiliklar
  • Yozuvlarni fonda yuklash
  • Yozuv turlari

Yuqoridagilardan tashqari yana bir nechta o‘zgarishlar kiritilgan va mavjud kamchiliklar bartaraf etilgan.

Relizdan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay, WordPressning Androidchilari 2.0 dagi bir xatolik haqida xabardor qilishdi:

Warning: Don't tap the 'Cancel' button while creating a link, the app will crash. We'll get a fix for this out soon.
@WPAndroid
WordPress

Ushbu tvitda aytilishicha, link yaratilayotganda “Bekor qilish” tugmasidan foydalanmaslik kerak, aks holda dastur ishdan chiqadi. Tez orada ushbu kamchilik bartaraf etiladi.

Ayni paytda WordPressning Android uchun 2.0.1 versiyasi ham nashrdan chiqishga ulgurdi. Lekin, ushbu versiyada yuqoridagi xatolik to‘g’irlanmaganligini hisobga olgan holda, yaqin orada 2.0.2 versiyasini kutib olishimiz mumkin.

WordPressdan plagin mualliflari uchun yangilik

WordPress.org saytini kuzatib boruvchilar payqagan bo‘lishlari mumkin — plagin mualliflari endi o‘z plaginlari taqdim etilgan sahifani bir oz bo‘lsa ham tashqi ko‘rinishini boshqarish huquqiga ega bo‘lishdi.

Yuqoridagi tasvirda Hello Dolly plagini sahifasining yuqori qismida ask ettirilgan tasvirni ko‘rib turibsiz. Endi har bir plagin muallifi o‘z plagin sahifasini shu kabi maxsus tasvir yordamida bezashlari mumkin.

WordPress 3.3

Yangi yil bayrami arafasida WordPress 3.3 ham e’lon qilindi. Bu versiya bir nechta ajoyib o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan. Beta versiyasini foydalanib ko‘rgan bloggerlar uchun ular tanish tuyulishi mumkin, ba’zilari esa faqatgina so‘nggi nashrga taalluqlidir. Shuning uchun barcha WordPress muxlislarini yaxshilab joylashib olishga va diqqat bilan ushbu yozuvni o‘qib chiqishga chorlab qolaman.

WordPress dasturining 3.3 versiyasidagi muhim yangiliklar:

Media fayllar bilan ishlashdagi yangi qulayliklar

WordPress 3.3 media fayllar bilan ishlash jarayonini yana-da maroqli va qulaylashtiradigan sudra-va-tashla (drag-and-drop) yangi funksiyasini taqdim etdi. Bir nechta fayllarni yuklash jarayoni endi yana ham osonlashdi. Lekin, IE brauzerining eski versiyalarida ushbu funksiya ishlamaydi.

Avvalgi versiyalarda mavjud bo‘lgan turli xil fayllarni yuklash uchun alohida tugmalar yagona tugmaga birlashtirildi va yuklanayotgan fayl turini avtoaniqlash funksiyasi bilan kuchaytirildi. Yangi media yuklovchi bundan tashqari .rar va .7z fayllarini ham tushunadigan bo‘ldi.

Boshqaruv sahifasidagi yangi o‘zgarishlar

Boshqaruv sahifasida (konsol) ham katta o‘zgarishlar mavjud. Avvallari unchalik uyg‘un bo‘lmagan boshqaruv qurollari hamda administrator funksiyalari joylashgan yuqori qism birlashtirilib yagona boshqaruv paneliga o‘zgartirildi va endi yagona panel qolganligi bois, uni olib tashlash funksiyasi yo‘qotildi.

Borgan sari planshetlardan foydalanish amaliyoti keng tarqalmoqda. Bunday foydalanuvchilar esa albatta ular yordamida ham WordPress asosida yaratilgan blog yoki saytlarini boshqarishni hohlashmoqda. Aynan mana shu tendensiyani hisobga olgan holda, WordPress jamoasi planshet va shu turdagi qurilmalar orqali WordPressni boshqarishni osonlashtirmoqda.

Esingizda bo‘lsa, avvallari boshqaruv sahifasining bir bo‘limidan ikkinchisiga o‘tish uchun bir nechta amallarni bajarishga majbur edingiz. Endi esa undagi menyular uchadi, istalgan bo‘limga sichqonchaning ko‘rsatkichini olib borsangiz, undagi bo‘limlarni ko‘rishingiz mumkin va istalgan bo‘limga darhol o‘tishingiz mumkin.

UX qulayliklari

Foydalanuvchilarning WordPress dasturidan foydalanish jarayonini qulaylashtirish bo‘yicha so‘nggi paytlarda unchalik muhim o‘zgarishlar bo‘lmayotgandi. WordPress 3.3 versiyasida bu yo‘nalishda katta ishlar qilindi va ular asosan WordPress, plagin yoki shablonlarni o‘rnatish va yangilash jarayonlariga tegishli. Biron-bir elementni o‘rnatish yoki yangilashdan so‘ng undagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida xabardor qiluvchi ko‘rsatmalar paydo bo‘ldi.

Ular boshqaruv sahifasining turli qismlarida paydo bo‘ladi va qanday o‘zgarishlar amalaga oshirilgani haqida ma’lumot beradi.

Yana bir o‘zgarishlardan biri bu WordPressning yangi versiyasi o‘rnatilgandan so‘ng undagi yangiliklar va o‘zgarishlar haqida xabardor qiluvchi va yangi o‘rnatilgan WordPress saytiga birinchi marta kirgan foydalanuvchilarni kutib oladigan boshqaruv sahifasidagi yangi qismdir.

Matn bilan ishlashdagi qulayliklar

Agar WordPress saytingizda bir nechta muallif bilan ishlagan bo‘lsangiz, matn tahrirlashda bir qiyinchilikka duch kelgan bo‘lishingiz mumkin — bir muallif tahrirlayotganda yozuv boshqa muallif tomonidan tahrirlash uchun yopiq bo‘lardi va uzun muddat shunday qolib ketardi. Yangi versiyada esa yozuv darhol ochiladi va birgalikda tahrirlash yoki yozuv yozishni yanada qulaylashtiradi.

Tumblr blogiga ega bo‘lganlar endi o‘z bloglarini bir bahyada yangi Tublr import qilish funksiyasi yordamida WordPressga o‘tkazib olishlari mumkin.

Qulayliklar haqida gapirganda yana bir muhim o‘zgarishni aytib o‘tish joiz. Avvallari biron-bir shablondan foydalanish jarayonida turli hil vidjetlarni moslab, o‘rnatib olardingiz. Lekin, boshqa bir yangi shablonni sinab ko‘rish uchun asosiy shabloningizni o‘zgartirib, yana eski shabloningizga qaytganingizda undagi barcha vidjetlarni yana qaytadan moslab, o‘rnatib chiqardingiz. WordPress 3.3 da ushbu muammo yo‘qqa chiqarildi. Endi WordPress har bir shablon uchun moslashtirgan vidjetlaringizni eslab qoladi va shablon o‘zgarganda ungda tegishli vidjetlari bilan qaytarib beradi. Super!

“Sahna orti”dagi o‘zgarishlar

WordPress yaratilgandan beri bir muammo bor edi. Ko‘plab yozuv va sahifalaringiz mavjud bo‘lsa va ular /%postname%/ shaklidagi permalink strukturasidan foydalanganda sahifani yuklash yoki tahrirlash juda ko‘p vaqt olardi. WordPress jamoasi yangi versiyada ushbu muammoni ham hal qildi.

Bir nechta APIlar ham yangilandi, xususan Editor API, Screen API va Metadata API.

Bir nechta tashqi kutubxonalar ham yangilandi: jQuery 1.6.1 dan 1.7.1 ga yangilandi; jQueri UI 1.8.12 dan 1.8.16 ga, TineMCE esa 3.4.5 versiyasiga yangilandi.

Shablon va plaginlar o‘rnatish uchun yuklanganda, o‘rnatib bo‘lingandan so‘ng yuklab olingan fayllar o‘chirib tashlanadi — WordPress o‘zini tozalashni o‘rgandi.

Endi yuqoridagi barcha o‘zgarishlarni sinab ko‘rish uchun yangi WordPress 3.3 “Sonny” versiyasini ko‘chirib oling yoki boshqaruv sahifasi orqali yangilang va o‘z fikr-mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashing.

Maktub yozish o‘ldi, endi navbat “e-mail”gami?

Eng birinchi “e-mail” — elektron maktub 1971 yil Rey Tomlinson tomonidan, ARPANET orqali bog‘langan yonma-yon joylashgan ikki kompyuter yordamida biridan ikkinchisiga yuborilgan.

ps: Eng birinchi SPAM esa 1978 yil yuborilgan ekan.

Vaqt o‘tishi bilan ushbu ixtiro bir paytlar ko‘pchilik uchun eng sevimli mashg‘ulot bo‘lgan maktub yozishni butunlay o‘ldirdi.

So‘nggi yillarda ommaviylashib kelayotgan ijtimoiy tarmoqlar esa endilikda “e-mail”ni o‘ldirmoqda shekilli. Bunday deyishimga sabab shuki, o‘tgan hafta Fransiyaning axborot texnologiyalar bilan shug‘ullanuvchi Atos kompaniyasi rahbari Tiyeri Breton keyingi 1,5 yil ichida kompaniya hodimlari o‘rtasida e-mail orqali xabarlashishni butunlay ta’qiqlamoqchi. Uning aytishicha, hodimlar qabul qiladigan 200 ta xabardan atiga 10% foydali xolos, 18% esa spam. Shuning uchun kompaniyaning 74 000 dan ziyod hodimlari sekin-asta chat orqali yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘i singari ichki tarmoq orqali xabarlashishadigan bo‘ldi.

E’tibor beradigan bo‘lsak, hozirda ko‘pchilik asosiy vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda sarflayapti. Tanish-bilishlari bilan ular orqali xabarlashyapti. Menimcha, “e-mail”dan esa asosan ish bo‘yicha foydalanishyapti. Sekin-asta biznes yo‘nalishidagi ijtimoiy tarmoqlarning yana-da ommaviylashishi natijasida “e-mail” yana-da ahamiyatsiz bo‘lib qolish ehtimoli bor.

Google Nexus One: Unlock

Google Nexus One telefoning old ko'rinishi

Google Nexus One telefonining old ko'rinishi

Bir tanishim orqali qo‘limga Google Nexus One telefoni tushib qoldi. Ushbu telefon xorijiy uyali aloqa operatoriga bog‘langan ekan, bizning mahalliy uyali aloqa operatorlari bilan ishlash uchun esa uni “unlock” qilish, ya’ni uni ochish lozim edi. Avvallari iPhone telefon apparatlarini va USB-modemlarni “unlock” qilib ko‘rgandim, lekin Android operatsion tizimidagi telefonlar bilan ishlashda tajribam yo‘qligi uchun Twitterga murojaat qilib ko‘rdim, hechkimdan sado kelmagandan so‘ng o‘zim urinib ko‘rishga qaror qildim.

!!!SPOILER!!!
Google Nexus One telefonini “unlock” qila oldim :)

Ushbu postda boshimdan kechirganlarimni, yordami tekkan foydali resurslarni aytib bermoqchiman.

!!!MUHIM!!!

Agar siz ham o‘z telefoningizni mana shu yo‘l bilan “unlock” qiladigan bo‘lsangiz, bilib qo‘ying:
- qanday natijaga erishishingizdan qat’iy nazar, ushbu harakatlarga o‘zingiz mas’ul hisoblanasiz va o‘zingiz javob berasiz;
- bootloader buzilgandan so‘ng Google kafolati ham o‘chib ketadi;
- telefoningiz umuman ishlamay qolishi yoki qisman ishdan chiqish ehtimoli mavjud.

Demak, menga juda ham qo‘l kelgan resurslardan biri bu 4PDA forumi bo‘ldi. U yerda deyarli barcha smartfonlar uchun nima kerak bo‘lsa, hammasi bor. Bizning mavzuga doir bo‘lim esa mana bu sahifada joylashgan. Mavzu nomi “Google Nexus One uchun no-rasmiy “andozalar(?)”(“proshivka” o‘zbekchasiga nima bo‘lardi?)” va unga qo‘shimchalar” deb nomlanadi.

Bu yerda boshidan oxirigacha qanday amallarni bajarish kerakligi haqida to‘liq ma’lumot berilgan.

Bizga kerak bo‘ladigan qurollar:
- Android SDK
- fastboot

1) Telefonning “bootloader”ini buzish, kompyuter ustalari tilida aytadigan bo‘lsak “xak” qilish kerak.

Bootloader bu telefonning BIOSi deyish mumkin. U telefoningizni yoqish va undagi operatsion tizimni yuklash vazifasini bajaradi.

Demak, telefonni USB kabel yordamida kompyuterga ulaymiz. Fastboot rejimiga kirish uchun telefonning quyi qismida joylashgan, soqqa shaklidagi tugmani bosib turgan holda telefonni yoqish tugmasini bosamiz. Ko‘chirib olingan fastboot fayllari joylashgan katalogga o‘tib, terminal oynasida quyidagi buyruqni yozamiz:
fastboot-windows oem unlock

Agar telefon kompyuterga ulanmagan bo‘lsa waiting for a device ya’ni qurilmaning ulanishi kutilmoqda degan yozuv chiqadi. Agar to‘g’ri ulangan bo‘lsa va fastboot rejimida yoqilgan bo‘lsa, hech qanday muammosiz “unlock” bo‘ladi.

Fastboot – Bootloader’ning protokoli bo‘lib, Android asosidagi barcha qurilmalarning istalgan qismiga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi qurol hisoblanadi.

2) Modifikatsiya qilingan Recovery’ni tikamiz.

Recovery – maxsus yukovchi (loader) hisoblanadi va uning asosiy vazifasi mobil operatsion tizimga o‘zgartirish kiritish imkonini taqdim etish. Modifikatsiyalangan Recovery odatiysidan farqi shuki, uning yordamida imkoniyatlar kengayadi, masalan, OTni yuklamasdan SD-kartani ko‘rish, maxsus “proshivka”larni tikish imkoniyatlarini beradi.

Odatiy, CyanogenMod yoki JesusFreke deb nomlangan Recovery’dan birini ko‘chirib olamiz. Ko‘chirib olingan faylni fastboot fayllari joylashgan katalogga joylashtiramiz.

Demak, telefonni USB kabel yordamida kompyuterga ulaymiz. Fastboot rejimiga kirish uchun telefonning quyi qismida joylashgan, soqqa shaklidagi tugmani bosib turgan holda telefonni yoqish tugmasini bosamiz, terminal oynasida quyidagi buyruqni yozamiz:
fastboot-windows flash recovery recovery-RA-passion-v2.2.1.img*

*Recovery’ning qaysi birini ko‘chirgan bo‘lsangiz, o‘sha nomni yozasiz.

3. “Backup” qilamiz, ya’ni mavjud fayllarning nusxasini saqlab qo‘yamiz.

Recovery rejimiga kiramiz, buning uchun ovozni pasaytirish tugmasini va telefonni yoqish tugmasini bir paytda bosamiz va menyudan Recovery’ni tanlaymiz.

Uning ichidan Backup/Restore funksiyasini tanlaymiz, undan keyin esa Nand backup.

4. Endi maxsus “proshivka” (firmware) o‘rnatamiz.
CyanogenMod yoki MoDaCo maxsus “proshivka”sini ko‘chirib olishingiz mumkin. Men MoDaCo‘dan foydalandim. MoDaConing 3 hil nashri mavjud, men “with MoDaCo additions” deb nomlangan variantidan foydalandim.

Ko‘chirib olingan faylni SD-kartaning o‘zagiga joylashtiramiz. So‘ngra Recovery rejimida telefonni qayta yoqamiz, buning uchun ovozni pasaytirish tugmasini va telefonni yoqish tugmasini bir paytda bosamiz va menyudan Recovery’ni tanlaymiz.

Recovery’dan Wipe data ALL/factory reset menyusini tanlaymiz.

Undan so‘ng Flash zip from sd-card menyusiga kiramiz va ko‘chirib olingan “proshivka” faylini tanlaymiz.

Barcha amallar bajarilgandan so‘ng, telefonni o‘chirib, qayta yoqamiz.

Aynan mana shu usullardan so‘ng mendagi Google Nexus One telefoni “unlock” bo‘ldi va hozirda hech qanday muammosiz o‘zimizning sim-kartalar bilan ishlayapti.

Men avval CyanogenMod “proshivka”sidan foydalangan edim, lekin qandaydir menga noma’lum sabablarga ko‘ra yaxshi ishlamadi. Ya’ni, telefon yoqilishi bilan, yana qayta o‘chib takroriy ravishda yoqiladigan bo‘lib qoldi. CyanogenMod’ning 7.0.1 versiyasidan foydalangan edim, undan avvalgi versiyalarini ham o‘rnatib, sinab ko‘rdim, lekin hech qanday foyda bermadi.

Shundan so‘ng MoDaCo‘dan foydalandim va kerakli natijaga erishdim.

Aslini olganda bu jarayon unchalik qiyin emas, faqatgina har bir qadam qanday natija berishini oldindan bilib, keyin amalga oshirgan ma’qul.

Yuqoridagi yo‘riqnoma bo‘yicha savol tug‘ilsa, izoh qoldirishingiz mumkin.

“Coder”lar diqqatiga!

“Coder” so‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, so‘zma-so‘z tarjima qilinsa “kod yozuvchi” degan ma’noni beradi, tushunarliroq qilib esa “dasturchi” deb ataladi.

Bir paytlar, bundan bir qancha muddat avval, UzNetda ITishnik.biz deb nomlangan a-la “Хабрахабр” sayt bo‘lardi. Turli xil ma’lum va noma’lum sabablarga ko‘ra o‘sha sayt yopilib, yo‘q bo‘lib ketgandi. Mana bugun ushbu sayt coder.uz shaklida qayta jonlanganini guvohi bo‘ldim.

“O‘zbekcha Habr” o‘sha paytlarda ko‘pchilikda umid uchqunlarini paydo qilgan edi. Va nihoyat o‘zbek tilida axborot texnologiyalari yo‘nalishida ommaviy loyiha paydo bo‘ldi deb ko‘pchligimiz hursand bo‘lgandik. Mana vaqtlar o‘tib, o‘sha loyiha yangi nom ostida, eski kontent bilan birgalikda qayta ochilib turibdi.

O‘zingizni dasturchi deb bilsangiz, yoki dasturchi bo‘lishni hohlasangiz ushbu sayt sizga qanchalik yordam berishini taxmin qila olmayman, lekin oz bo‘lsa ham foydasi tegadi deb umid qilaman.

Sayt tashkilotchilariga sabr va matonat, cho‘ntaklariga daromad tilab qolamiz. Foydalanuvchilardan esa super maqolalar kutib qolamiz ;)

Chempionlar Ligasi finallarining dizayni

UEFA bugun 2012 yil Myunxenda bo‘lib o‘tadigan Chempionlar Ligasining finali uchun yaratilgan maxsus vizual bezagini taqdim etdi.

2012 yil Chempionlar Ligasining final o‘yini 19-may, shanba kuni «Fußball Arena München» stadionida bo‘lib o‘tadi.

UEFA saytida aytilishicha, ushbu dizayn 2012 yil bo‘lib o‘tadigan final o‘yinini butun dunyo bo‘ylab tashviq qilishda hamda dunyoning eng yirik sport bayramining nufuzini oshirishda betakror bezak vazifasini o‘taydi. Eng yirik sport bayrami deb atashga asos bor, axir shu yili Manchester Yunayted va Barselona futbol klublari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Uembli finalini dunyo bo‘ylab 179 million tomoshabin kuzatgan.

Ushbu yangi dizayn muallifi Buyuk Britaniyaning Lids shahrida faoliyat olib boradigan The Works dizayn kompaniyasi hisoblanadi.

Chempionlar Ligasining 2010 yil finali, UEFA Super kubogi, 2009 yil Istambuldagi UEFA kubogi, 2010 yil Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati va yana bir nechta nufuzli musobaqalarning dizaynini yaratgan.

Endi tarixga bir nazar tashlasak:

2011 yil Uemblida bo‘lib o‘tgan finalning dizayni Londonda joylashgan Radiant Studios tomonidan yaratilgan.





Bundan tashqari 2004 yil Gelzenkirxenda, 2005 yil Istambulda, 2006 yil Parijda, 2007 yil Afinada va 2009 yil Rimda bo‘lib o‘tgan final o‘yinlarining brendini ham aynan ushbu dizayn kompaniyasi yaratgan.

2008 yil Moskvaning Lujniki stadionida bo‘lib o‘tgan finalning dizayni.




2000 yil Parij, 2001 yil Milan, 2002 yil Glazgov hamda 2003 yil Manchesterning Old Trafford stadionida bo‘lib o‘tgan final o‘yinlarining dizayni.

Internet loyiha yaratish uchun qancha mablag’ kerak?

Afisha Media

Jurnalistikada nima gap?” blogida Afisha Medianing birinchi 5 yilligi haqidagi postni o‘qib, ushbu postning sarlavhasidagi savol kelib chiqdi. Afisha Media rahbari Suren Sapov loyihaning yaratilishi haqida shunday deydi:

[...]dahshatli darajadagi maqsadlar, kuchli istak va uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda pul bor edi – men bu pullarni dasturchilar va dastlabki ma’lumotlarni to‘plash uchun sarfladim.

Ommaviy internet servis, loyihalarning asoschilarining juda ko‘pchiligidan faoliyatining boshlanishi haqida so‘rashganda mana shunday tarzdagi javoblarni eshitishga odatlanib qolganmiz.

Bu kabi javoblarni o‘qiganlar interent loyiha qilish unchalik ham ko‘p mablag’ talab etmas ekan degan tushunchaga borishlari ham mumkin. Lekin, ma’lum muddat hech qanday foyda keltirmaydigan internet loyihani uzoq muddat moddiy ta’minlash juda qiyin, agar yaxshigina sarmoyangiz bo‘lmasa.

Jiddiyroq bir loyihaga “dasturchilar va dastlabki ma’lumotlarni to‘plash uchun” oyiga, o‘rtacha hisoblaganda, $500-$1000 talab etilishini taxmin qiladigan bo‘lsak, 1 yil davomida $5000-$10000 mablag’ kerak bo‘ladi. Bu qiymat, ma’lum bir sabablar bo‘yicha, manfiy yoki musbat tomonga o‘zgarishi mumkin, lekin o‘zgarishlar unchalik katta bo‘lmasligi aniq. Shuning uchun, internet loyiha yaratishdan avval belni baquvvat qilib olish lozim.

Eng arzon yo‘li esa saytni texnik ta’minotini amalga oshiruvchi dasturchi, tashqi ko‘rinishini rivojlantirish uchun dizayner, uning tarkibini to‘ldirish uchun “kontent”chi yoki blogger do‘stlar yordamida amalga oshirishdir. Faqat ularni sherik qilib olgandan keyin, tez orada tushadigan mablag‘ni ham adolatli sherikchilik tamoyilida bo‘lishishni ham unutmaslik kerak :)